Yuklanmoqda...
Yuklanmoqda...

“Baxt — eng oddiy narsa: asal to‘la ko‘za va uni birga baham ko‘radigan do‘st.”
Bu men yaxshi ko‘rib tomosha qilgan “Vinni-Pux” multfilmidan parcha.
Barchamiz baxtli bo‘lishni istaymiz — to‘la-to‘kis yashash, oila qurish, obro‘li sohada
ishlash. Eng qizig‘i, baxtni har kim turlicha tushunadi. Men uchun baxt — sevish va sevilish.
Kimlardir hayotda katta yutuqlarga erishishni baxt deb biladi. Boshqalar baxtni o‘z e’tiqodi,
dini va Xudodan topadi. Gedonizm baxtni azob-uqubatsiz hayot kechirish deb izohlasa,
bugungi kunning eng taniqli faylasuflaridan biri, Derek Parfit, barcha xohish-istaklariga
erishgan odamni baxtlidir, deb ta’riflaydi.
Xo‘sh, bizni chindan baxtli qiladigan narsa nima?
Hindistonning M.G.K.V.P. universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot, baxtga
bevosita ta’sir qiladigan uchta asosiy omilni aniqladi:
1. Ijtimoiy munosabatlar — do‘stlar va oilangiz bilan qancha ko‘p muloqot qilsangiz,
shuncha baxtli bo‘lasiz.
Inson — ijtimoiy mavjudotdir. Biz atrofimizdagi yaqin kishilarimizga suyanib yashaymiz.
Boshimizga tashvish tushganida yordam qiladigan, quvonchli lahzalarni bo‘lishadigan, hech
bir sababsiz bizni kuldirib, kayfiyatimizni ko‘taradigan odamlar hammamizning ham
hayotimizda mavjud.
Yon qo‘shnidan har doimgi “assalomu alaykum”ni eshitish, ishga ketayotganda mutlaqo
begona odam bilan kutilmaganda shirin suhbat qurish kimga ham yoqmaydi. Yoki tug‘ilgan
kuningizni eslang: chiroqlar o‘chirilgan, shamlar bilan bezatilgan tort, atrofingiz sizga yaqin
insonlarga to‘la. Aynan shunday paytlarda hayot yashashga arzigulikdek tuyuladi.
“Yolg‘izlik odamni o‘ldiradi; u insonga ichish yoki chekishdek ta’sir qiladi,” deydi Garvard
universiteti psixiatriya professori va dunyodagi eng uzoq davom etayotgan baxt haqidagi
tadqiqot rahbari, Robert Valdinger. Tadqiqot 1938-yilda boshlangan bo‘lib, 80 yildan buyon
davom etmoqda. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy aloqalarni saqlab qolish — o‘zo‘
zini qadrlashning bir shaklidir.
Demak, munosabatlar — baxt kaliti, desak, noto‘g‘ri bo‘lmaydi.
2. Shaxsiy fazilatlar – hayotga ijobiy qarash baxtlilik hissini oshiradi.
Baxtimizni ta’minlaydigan yana bir muhim omil — bu o‘y-fikrlarimiz, ya’ni o‘zimiz bilan
olib boradigan “ichki suhbatlarimiz”dir.
Hech “Feedback Loop from Hell” haqida eshitganmisiz? Uni Mark Manson, New York
Times’ning bestseller muallifi, tushuntirib bergan. Mark nihoyatda sabrsiz odamni
tasvirlashdan boshlaydi. Bir kuni shu odamning juda ham bo’lmag’ur, arzimas narsadan jahli
chiqadi. Keyin esa u o‘zining tez jahli chiqayotganini ko‘rib, yanada kayfiyati buziladi.
Oradan biroz vaqt o’tgach, u “potrlaydi” va devorga musht tushiradi. Xuddi shu jarayon
uzluksiz davom etaveradi.
Manson bu misol orqali ichki dialoglar qanday qilib norozilik, o’z-o‘zidan nafratlanish va
baxtsizlik keltirib chiqarishini ko‘rsatadi. Shuni unutmaslik kerakki, fikrlarimiz hissiyot va
emotsiyalarimizni boshqaradi. Shu bois, tugallanmas nafrat tuzog’ida qamalib qolish juda
oson. Ammo o’y-hayollar bizga xursandchilik ulashish kuchiga ham ega. Shuning uchun
ijobiy fikrlash — baxtga erishish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
3. Iqtisodiy faktorlar – moliyaviy barqarorlik baxtning asosiy belgisidir.
Baxt bilan eng ko‘p bog‘lanadigan uchinchi element — bu pul. Ko‘pincha u “eng go‘zal va
farovon hayot” siridek tuyuladi.
Haqiqatan ham, Daniel Kaneman va Angus Diton 2010-yildagi ilmiy ishda, yuqori maosh
hayotdan mamnuniylik darajasini sezilarli oshirishini aniqladi. “Ertaga kontraktimning oxirgi
kuni” yoki “ijaraga pulni qayerdan olsam ekan” degan xavotirlar tugaganida, stress
kamayadi, ruhiy sog’liq prioritetga aylanadi. Bu esa ko‘proq hordiq, o‘z ustida ishlash va oila
uchun vaqt yaratadi.
Ammo bu boy odamlar hech qanday tashvishsiz hayot kechiradi, degani emas. Gap shundaki,
pul muammolarni tez va ortiqcha stresssiz hal qilishga yordam beradi. Qanchalik kam xavotir
olsak, shunchalik xursand bo‘lamiz. Lekin, pul haqiqiy baxt manbai ekanda, deyishga
shoshilmang. Olimlar shuni aniqladiki, ma’lum bir daromad cho‘qqisiga yetganda, insonni
hech qanday boylik qiziqtirmay qo‘yadi. Balki, buning sababi — odamzodning tabiatidadir:
qiyinchiliklarimiz hayotimizga mazmun qo‘shadi, ularsiz muammolarni hal qilishdan keyingi
ruhan qoniqish hissi yo‘qoladi.
Xulosa qilib aytganda, baxt bu subyektiv tushuncha. Har bir inson tashqi ko‘rinishi, ongi va
orzulari bilan o‘ziga xosdir. Agar diqqat bilan nazar tashlasangiz, siz o‘zingizning haqiqiy
baxtingizni topasiz.

Zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli transformatsiya haqida chuqur maqolalar.

Falsafiy fikrlar, hayotiy masalalar va qadriyatlar haqida intellektual muhokamalar.

Ilmiy kashfiyotlar, tadqiqotlar va zamonaviy fan sohalaridagi yangiliklar.

Tarixiy voqealar, shaxslar va jamiyatning rivojlanishi haqida maqolalar.

Biznes strategiyalari, iqtisodiy masalalar va tadbirkorlik haqida praktik maqolalar.

Adabiyot, kino, musiqa, tasviriy san'at va madaniy tadqiqotlar haqida maqolalar.