Texnologiya Falsafa Fan Tarix Biznes Kirish

Tungi Arvoh: B-2 Spirit

Muallif Fayzulloh Iyul 25, 2025

Tungi osmon sokinligida, hech qanday shovqin chiqarmasdan osmonda uchib o‘tayotgan qoramtir soyani tasavvur qiling. Uni ko‘rish qiyin, eshitish esa imkonsiz. Bu — B-2 Spirit, insoniyat yaratgan eng qimmat va eng sirli harbiy samolyotlardan biri.

Narxi har bir donasi uchun taxminan 2 milliard dollarni tashkil etuvchi bu bombardimonchi samolyot shunchaki texnik mo‘jiza emas — u dunyo harbiy muvozanatini butunlay o‘zgartirish uchun yaratilgan yashirin qurol.

Ammo qanday qilib futbol maydonidek ulkan havo kemasi radarlar uchun “ko‘rinmas” bo‘lishi mumkin? Nega aynan B-2 harbiy aviatsiyada inqilob yasadi? Buning uchun biz tarixga, ya’ni Sovuq urush yillariga nazar tashlashimiz kerak.

Sovuq urushdan tug‘ilgan arvoh
1970-yillar oxirlariga kelib, AQSh va Sovet Ittifoqi o‘rtasidagi sovuqchilik cho‘qqiga chiqqan edi. AQShning asosiy yadro tashuvchilari bo‘lgan B-52 bombardimonchilari katta zarba berish quvvatiga ega edi, biroq ular endi dushman radarlariga osonlik bilan sezilib qolardi.

Generallar bu haqida shunday deyishgan: “B-52 bilan hujum qilish – bu dushman tomoniga tosh otib, o‘zingga qizil nishon yopishtirib olishga o‘xshaydi.”

Bitta chora bor edi: radarlarga ko'rinmaydigan bombardimonchini yaratish. Shunday qilib, 1978 yilda AQSh Harbiy-havo kuchlari Advanced Technology Bomber (ATB) nomli sirli loyihani boshladi. Maqsad: dunyoda ilgari bo‘lmagan darajada yashirin va kuchli samolyotni yaratish.

Shunisi qiziqki, bu g‘oya yangilik emas edi. 1940-yillarda mashhur aviakonstruktor Jek Nortrop “uchuvchi qanot” g‘oyasini ilgari surgan edi — dum, korpussiz, butunlay qanotdan iborat samolyot. Ammo o‘sha vaqtda texnologiya bu g‘oyani amalga oshirishga imkon bermagani uchun u rad etilgan. Endi esa bu g‘oya zamonaviy kompyuterlar, yangi materiallar va cheksiz AQSh byudjeti bilan yana qaytib keldi.

Radarga umuman ko'rinmaydigan dizayn
B-2 Spiritning o‘ziga xos dizayni — uchuvchi qanot — bu shunchaki tashqi ko‘rinish emas. Uning eng katta siri ham aynan shunda.

Bu samolyotda dum, vertikal stabilizatorlar va keskin burchaklar yo‘q. Tanasi silliq, egri va tutash yuzalardan iborat bo‘lib, radar to‘lqinlarini yutib yuboradi. Sirli moddalar bilan qoplangan korpus esa radar signalini aks ettirmaydi, balki o'ziga yutadi.

Dvigitellar korpus ichiga yashirilgan, chiqindi gazlar tekkis tarqaladi — bu uni nafaqat radardan, balki infraqizil kameralar uchun ham deyarli “yo‘q” qiladi.

Dumsiz samolyotni boshqarish — bu go‘yo qalam ustida likopchani muvozanatlashdek qiyin ish. Shu sababli B-2 butunlay kompyuter orqali boshqariladi, ya’ni 130 dan ortiq kompyuter bir vaqtda muvozanatni nazorat qiladi.

Kuch, masofa va aniqlik
B-2 faqat yashirin emas — u dahshatli kuchga ega. U 20 tonnagacha oddiy yoki yadro bombalarini olib ucha oladi. Zamonaviy GPS yordamida 80 ta nishonni bir vaqtning o‘zida urish imkoniyatiga ega.

11 000 kilometr masofani to‘xtovsiz bosib o‘ta oladi, havo yo‘li bilan yonilg‘i to‘ldirish orqali esa dunyoning istalgan nuqtasiga yetib borishi mumkin. 50 000 fut balandlikda, taxminan 900 km/soat tezlikda harakatlanadi.

Shuncha murakkab texnikani atigi ikkita ekipaj a’zosi — uchuvchi va missiya komandiri boshqaradi. GPS ishlamasa, B-2 hali ham osmondagi yulduzlar orqali joylashuvini aniqlay oladi.

Nega u qimmat?
B-2 ning narxi deyarli 2 milliard dollar — bu ba’zi davlatlar yillik byudjetidan ham ko‘proq. Nima sababdan bunday qimmat?

Unda ishlatilgan materiallar maxfiy va noyob.

Faqat 21 dona ishlab chiqarilgan, bu uni yanada noyob qiladi.

Har bir parvozdan so‘ng maxsus harbiy tekshiruv talab qiladi. Yopishgan panel chiziqlari biroz siljisa — u radar uchun ko‘rinib qoladi.

1980-yillardan beri doimiy yangilanishlar olib borilmoqda.

Qisqasi, B-2 — bu shunchaki samolyot emas, bu har kuni servis talab qiluvchi texnika.

Kelajak: B-21 Raider
Ammo arvohlar ham qariydi. AQSh hozirda B-2 ning keyingi vorisi — B-21 Raider ustida ishlamoqda. U kichikroq, arzonroq, harbiy tekshiruvi oson va zamonaviy jang maydonlari uchun moslashuvchan bo‘ladi.

Biroq shunga qaramay, B-2 Spirit hanuzgacha o‘z mavqeini saqlab qolmoqda. U oddiy bir samolyot emas — bu texnologiyaning, muhandislikning, va harbiy strategiyaning eng yuqori cho‘qqisidir.

Bu — osmonni o‘zgartirgan, milliard dollarlik pichirlovchi arvohdir.

← Ortga qaytish