Texnologiya Falsafa Fan Madaniyat Biznes Kirish

Fermi Paradoksi: Koinotning Jim Tuni

Muallif Abbos Madyarov May 7, 2025

Koinot aql bovar qilmaydigan darajada katta. Yuz milliardlab galaktikalar, har birida yuz milliardlab yulduzlar va ularning atrofida aylanadigan sayyoralar mavjud. Bu sonlarni hisobga olgan holda, koinot aqlli hayot bilan gavjum bo‘lishi kerak edi. Milliardlab yillar davomida rivojlanish uchun yetarli vaqt bo‘lganiga qaramay, biz hali hech qanday aniq isbot topa olmadik. Bu qiziq holat — aqlli hayotning mavjud bo‘lish ehtimoli yuqori, ammo hech qanday aloqa yo‘qligi — “Fermi paradoksi” deb ataladi. 1950-yilda fizik Enriko Fermi nonushta paytida sodda, lekin chuqur ma’noli savol bergan: “Hamma qayerda?” Bu savol oddiy ko‘rinsa-da, unda hayot, aql va koinotdagi o‘rnimiz haqida qo‘rqinchli g‘oyalar yashiringan.

 

Shu savolga javob berish uchun har xil teoriyalar yuzaga kelgan. Ba’zilarining fikricha, rivojlangan sivilizatsiya hayotning juda  noyob shakli bo‘lishimi mumkin — ehtimol, hayot paydo bo‘lishi uchun kerakli sharoitlar nihoyatda kamyobdir. Boshqalar esa, hayot keng tarqalgan bo‘lishi mumkinligini, ammo ularning aksariyati hali texnologik rivojlanmagan yoki biz bilan aloqa qilish darajasiga yetmagan deb hisoblaydi.

 

Yana bir mashhur nazariya — "Buyuk filtr" g‘oyasi. Bu g‘oya shuni anglatadiki, har qanday aqlli sivilizatsiya halokatli bosqichdan o‘tishi kerak bo‘ladi — masalan, yadroviy bomba kabi o‘zini yo‘q qilib yuboradigan texnologiyalarni yaratish. Ehtimol, ko‘pgina sivilizatsiyalar bu bosqichdan o‘tolmaydi. Agar bu to‘g‘ri bo‘lsa, biz hali bu filtrga duch kelmagan bo‘lishimiz mumkin.

 

Ba’zi nazariyalar esa, global miqyosidagi urush, sun’iy intellektning nazoratdan chiqishi yoki ekologik halokat kabi xavflarni keltirib chiqaradi. Yana boshqalar esa, kosmik tsivilizatsiyalar ongli ravishda jim turishni tanlagan bo‘lishi mumkinligini aytadi. Ehtimol, ular xavf-xatarlarni oldini olish uchun aloqa qilishni xohlamaydi — bu “qorong‘i o‘rmon” gipotezasi deb ataladi.

 

Shuningdek, texnologik uyg‘unlik muammosi ham mavjud. Ehtimol, boshqa tsivilizatsiyalar bilan bizning rivojlanish davrimiz ustma-ust kelmayapti. Ular allaqachon mavjud bo‘lgan, ammo endi yo‘q bo‘lishi mumkin yoki hali rivojlanmagan bo‘lishi mumkin.

 

Kamroq qo‘rqinchli izohlar ham mavjud. Ba’zi olimlar rivojlangan sivilizatsiyalar biz kabi ibtidoiy turlar bilan aloqa qilishga qiziqmasligini aytishadi. Ehtimol, ular bizni e’tiborga loyiq deb hisoblamaydilar yoki insoniyatning yovvoyi tabiatga nisbatan ehtiyotkor yondashuvi — masalan, milliy bog‘larda hayvonlarga aralashmaslik tamoyiliga o‘xshash qoidalarga amal qilishadi. Yoki biz hayot izlashda noto‘g‘ri usullardan foydalanayotgan bo‘lishimiz mumkin — masalan, radio signallarini qidirish o‘rniga, ilg‘or sivilizatsiyalar kvant aloqasi yoki gravitatsion to‘lqinlar kabi biz tushunmaydigan usullarda muloqot qilishlari mumkin. Yana bir ehtimol — yulduzlararo sayohat biz tasavvur qilganidan ancha murakkab bo‘lib, jismoniy qonunlar yoki biologik cheklovlar sababli hatto eng ilg‘or sivilizatsiyalar ham o‘z yulduz tizimlaridan chiqib keta olmayotgandir.

 

Bu savollarga aniq javob yo‘q, ammo ularni o‘rganish nafaqat ilm-fan, balki insoniyatning kelajagi uchun ham muhimdir. Fermi paradoksi bizni nafaqat tashqi hayotni izlashga, balki o‘zimizni, insoniyat sivilizatsiyasining zaif va kuchli jihatlarini o‘ylab ko‘rishga undaydi. 

 

Noaniqliklarga qaramay, insonning “Yolg‘izmizmi?” degan asosiy savoliga javob topishga qaratilgan qidiruvlar davom etmoqda. “James Webb” kosmik teleskopi kabi zamonaviy qurilmalar uzoq sayyoralarning atmosferasida hayot alomatlarini izlamoqda, SETI kabi loyihalar esa sun’iy radio signallarini qidirishda davom etmoqda. Agar biz boshqa sivilizatsiyalarning aniq isbotini topa olmasak ham, bu qidiruv bizni hayot, aql va insoniyat kelajagi haqida fundamental savollarga javob berishga undaydi. Fermi paradoksi nafaqat ilmiy jumboq — bu bizning umidlarimiz, qo‘rquvlarimiz va koinotdagi o‘rnimizga qaratilgan oyna. Koinot haqiqatan ham bo‘shmi yoki shunchaki jim — javob bizning mavjudlik haqidagi tasavvurimizni butunlay o‘zgartirishi mumkin.

← Ortga qaytish